Yangiliklar
O`zbekiston o`z tovarlarini Amerika bozorlarida targ`ib qilish va AQShdan paxta sotib olishni muhokama qildi
O‘zbekiston Amazon va Walmart kabi marketing platformalarida, shuningdek, Whole Foods Market, Bloomingdale’s va The Home Depot kabi AQShning chakana savdo tarmoqlari orqali o‘zbek mahsulotlarini — to‘qimachilikdan tortib qurilish va elektrotexnika tovarlarigacha — ilgari surish masalasini muhokama qildi.
Amerika tomoni o‘zbek kompaniyalari uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazadi.
Muzokaralar O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (MISS) delegatsiyasining iyul oyi oxirida Nyu-Yorkka amalga oshirgan tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya uchta xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi va “Made in Uzbekistan” brendi ostida 25 ta to‘qimachilik korxonasi mahsulotlarini namoyish etdi.
Tashrif davomida delegatsiya Levi Strauss & Co, Macy’s, American Eagle Outfitters, PVH Corp, Tapestry Inc kabi yirik kompaniyalar va assotsiatsiyalar, shuningdek, AAFA, USFIA va boshqa soha uyushmalari vakillari bilan uchrashdi. Buyurtmalar joylashtirish va o‘zbek ishlab chiqaruvchilarini AQSh bozoriga sourcing mexanizmi orqali chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Paxta assotsiatsiyasi bilan uchrashuv davomida AQSh paxtasini yetkazib berish, shuningdek, O‘zbekistonda qayta ishlangan xomashyodan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish masalalari muhokama qilindi.
Manba