Yangiliklar
O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik klasterlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar ko‘riladi
Xususan, kreditlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash va to‘lov muddatini uzaytirish ko‘zda tutilganO‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik klasterlarining moliyaviy holatini yaxshilash choralari ko‘riladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning 22 iyul kuni “Paxtachilik tarmog‘i korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2023-yilda paxta xomashyosi yetishtirish uchun berilgan imtiyozli kreditlarni 2024-yil 1-dekabrgacha to‘liq to‘lagan klasterlar uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ushbu kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarini (bank marjasidan tashqari) 2025-yil 1-yanvarga qadar qoplaydi.
Bundan tashqari, 2023-yilda paxta xomashyosi yetishtirish uchun berilgan imtiyozli kreditlar qoldig‘ini to‘lash muddati tijorat banklarining ijobiy xulosasi asosida 2025-yil 1-aprelga qadar uzaytiriladi.
2024-yil 1-avgustdan boshlab tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma kredit resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha klaster ta’sischilarining majburiy shaxsiy kafolati joriy etiladi;
Shuningdek, kredit jalb qilish uchun garov sifatida bo‘lib-bo‘lib sotib olingan va xarid narxining 35 foizi va undan ortiq miqdorida to‘langan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish punktlaridan foydalanishga ruxsat beriladi;
Bundan tashqari, tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining mulkiy komplekslarini oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan to‘lov jadvallari bo‘yicha qarzni to‘lash muddatlari 1 yilga uzaytiriladi.